Yangiliklar

Hormuz bo‘g‘ozidagi keskinlik fonida gaz va neft narxi deyarli 10 foizga qimmatlashdi

Bozorlarda xavotir kuchayishi fonida AQSh fond indekslari fyucherslari pasaygan
Hormuz bo‘g‘ozidagi keskinlik fonida gaz va neft narxi sezilarli qimmatlashdi
Foto: Pexels

Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat keskinlashgani fonida Yevropada gaz va neft narxi keskin oshdi. Bu haqda Oneinvest.com nashri xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, savdo boshida gaz fyucherslari qariyb 10 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, brent neft narxi ham ko‘tarildi. Iyun oyiga yetkazib beriladigan neft fyucherslari 7 foizdan ortiq oshib, bir barrel uchun $96,8 ga yetdi.

Bozorlarda xavotir kuchayishi fonida AQSh fond indekslari fyucherslari pasaydi. S&P 500, Dow Jones Industrial Average va Nasdaq Composite 0,9 foiz atrofida tushdi.

Mintaqadan suyultirilgan gaz eksporti to‘xtab qolmoqda. Qatardan kelgan tankerlar bo‘g‘oz yaqinida to‘plangan, biroq ularning aksariyati o‘tishga jur’at qilmayapti. Mojaro tez orada yakunlanishiga bo‘lgan umidlar susaygan. Hormuz bo‘g‘ozi ochilmagani sabab energiya ta’minotidagi uzilishlar ortib bormoqda.

Ma’lumot uchun, ushbu bo‘g‘oz orqali avval jahon neft va gaz eksportining qariyb 20 foizi o‘tgan. Hozirgi vaziyat global energiya bozori uchun jiddiy xatar tug‘dirmoqda.

Kursiv Uzbekistan brent neftining narxi 96 dollardan pastlagani haqida yozgan edi.