
Huawei kompaniyasi keng ekranli bukiluvchi smartfon – Huawei Pura X Max modelini rasman taqdim etdi. Qurilma A4 qog‘oz formatidan ilhomlangan bo‘lib, 16:10 nisbatdagi ekran bilan ishlab chiqilgan.
Texnik xususiyatlar
Smartfon 7,69 dyuymli moslashuvchan WQHD+ OLED ichki ekran va 5,4 dyuymli tashqi ekran bilan jihozlangan. U Kirin 9030 Pro protsessori asosida ishlaydi, bu esa sun’iy intellekt yordamida ma’lumotlarni qayta ishlash va umumiy unumdorlikni sezilarli darajada oshiradi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmaning avvalgi modeli 1,5 mln donadan ortiq sotilgan.

Dizayn va batareya
Qurilma kompozit materiallardan tayyorlangan bo‘lib, tomchisimon ilgak mexanizmi va UTG-shishaga ega. Batareya sig‘imi 5300 mA/soatni tashkil etadi va u 100 Vt quvvatli tezkor simli hamda 80 Vt simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kamera tizimi
Foto va video suratga olish uchun XMAGE professional kamera tizimi joriy etilgan. Unda 50 megapikselli asosiy kamera, F/1.4–F4.0 oralig‘ida o‘zgaruvchan diafragma, optik stabilizatsiya va RYYB sensori mavjud. Shuningdek, 50 megapikselli qo‘shimcha sensor va 3,5x dan 7x gacha optik zoomni qo‘llovchi periskop teleobyektiv hamda 12,5 megapikselli keng burchakli kamera ham o‘rnatilgan.

Dasturiy ta’minot va narxlar
Smartfon HarmonyOS 6.1 operatsion tizimi bilan taqdim etiladi. Narxlarga ko‘ra, 12 GB tezkor va 256 GB ichki xotirali versiya taxminan $1,6 ming, 16 GB va 1 TB xotirali kolleksion nashr esa taxminan $2,05 ming etib belgilangan. Shuningdek, qurilma bilan birga M-Pen 3 Mini stilusi va maxsus foto to‘plam ham chiqarilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei yangi AI Glasses modelini taqdim etgan edi.