
Huawei kompaniyasi ayollar auditoriyasiga mo‘ljallangan yangi premium smart soati – Huawei Watch Ultimate Star Diamond Edition’ni taqdim etdi. Bu haqda Huawei central nashri ma’lum qildi.

Soat korpusi, bilaguzugi va hatto siferblati ham deyarli to‘liq olmos bilan bezatilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, dizaynda tabiiy olmoslar ishlatilgan. Siferblatda 3, 6, 9 va 12 raqamlar o‘rnidagi an’anaviy belgilar ham qimmatbaho toshlar bilan almashtirilgan. Bundan tashqari, olmos bilan bezatilgan krona va dekorativ tugmalar ham qurilma ko‘rinishini to‘ldirib turadi.
Dizaynga qaramay, smart soat funksional jihatdan Ultimate seriyasining asosiy imkoniyatlarini saqlab qolgan. Qurilmada sog‘liqni tezkor baholash uchun X-TAP tizimi mavjud. Shuningdek, u qondagi glyukoza darajasi bilan bog‘liq xavflarni kuzatish, jismoniy mashg‘ulotlarni tahlil qilish va tana holatini monitoring qilish funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. 60 soniya ichida 17 ko‘rsatkich asosida «mini-diagnostika» hisobotini ham taqdim eta oladi.

Bundan tashqari, soat avtomobil kaliti sifatida ishlatilishi, eSIM orqali qo‘ng‘iroqlar qilish, telefonsiz kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega. U iOS va Android tizimlari bilan ham mos ishlaydi.
Huawei Watch Ultimate Star Diamond Edition Xitoy bozorida $4400 narxda baholangan bo‘lib, hozirda oldindan buyurtma qilish imkoniyati ochilgan. Sotuvlar 15-maydan boshlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi avtomobilni boshqara oladigan Watch S5 smart soatini taqdim etgan edi.