
O‘zbekistonda jamoat joylarida sovuq qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan buyumlarni belgilangan tartibga zid ravishda olib yurish holatlariga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, kasbiy, sport yoki maishiy maqsadlardan tashqari holatlarda sovuq qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan buyumlarni jamoat joylarida ochiq holda olib yurish tartibi kuchaytiriladi.
Agar shunday harakat uchun ma’muriy jazodan keyin bir yil ichida takroran huquqbuzarlik sodir etilsa, BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha (412 ming so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llanadi.
Shuningdek, «Qurol to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarida fuqaroviy qurolga egalik qilish huquqi vaqtincha cheklanishi mumkin. Bunday holatda qurol va o‘q-dorilar ichki ishlar organlari tomonidan olib qo‘yiladi. Yangi qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiyda 1100 dona o‘q-dori musodara qilingani haqida yozgandi.