
Ijtimoiy tarmoqlarda Mubashshir Ahmadning (Alisher Tursunov) jazoni o‘tash koloniyasi o‘zgartirilgani aytilmoqda. U avval Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan koloniyada saqlanayotgan bo‘lsa, endilikda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Tovoqsoy hududidagi jazoni ijro etish muassasasiga o‘tkazilgan.
Yaqinlarining bildirishicha, ko‘chirish jarayoni kutilmaganda amalga oshirilgan va bu borada rasmiy idoralar tomonidan batafsil izoh berilmagan.
Odatda mahkumlarni boshqa muassasaga o‘tkazish xavfsizlik talablari, ichki tartib yoki sog‘liq holati kabi omillar bilan izohlanadi. Biroq ushbu holatda aynan qaysi sabab asos bo‘lgani hozircha ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, Mubashshir Ahmad 2025-yil 8-oktabr kuni Toshkent shahar Uchtepa tuman sudi qarori bilan 2,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. U sud hukmidan shikoyat qilishdan voz kechgani ham ma’lum qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mubashshir Ahmad tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyat qilmagani va muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib kelinayotganligini ta’kidlagani haqida yozgandi.