
Nissan kompaniyasi yangi Rogue Hybrid e-Power krossoverini namoyish etdi. Avtomobil uzatmalar qutisisiz ishlaydigan va ichki yonuv dvigateli faqat generator vazifasini bajaradigan noyob gibrid tizimiga ega.

Yangi krossover 1,5 litrli turbokompressorli uch silindrli dvigatel bilan ta’minlangan. Biroq, bu dvigatel g‘ildiraklarni bevosita harakatlantirmaydi, balki akkumulyator va ixcham elektr motorini quvvatlantiruvchi generator sifatida ishlaydi. Tizimning issiqlik samaradorligi 42 foizni tashkil etib, odatiy dvigatellardagi 25–35 foizlik ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori.

Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi texnologiya 2026-yilgi standart modelga nisbatan yoqilg‘i tejamkorligini 20 foizga oshiradi. Avtomobilni elektr tarmog‘iga ulash talab etilmaydi va u an’anaviy yoqilg‘i quyish shoxobchalarida to‘ldiriladi, lekin elektromobillarga xos tezlanish va shovqinsiz harakatlanish imkonini beradi.

Yangi krossover bozorda Toyota RAV4 va Honda CR-V gibridlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat qilishi rejalashtirilgan.
«Oddiy xaridorlar har doim ham gibridlar orasidagi texnik farqlarni tushunavermaydi, shuning uchun biz tizimni qulay va oson tushuniladigan qilishga intildik», — dedi Nissan kompaniyasining mahsulotlarni rejalashtirish bo‘yicha rahbari Ponz Pandikutira.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilning eng yaxshi yo‘ltanlamas avtomobillari reytingi e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.