
O‘zbekiston xokkey terma jamoasi IIHF World Championship Division III B 2026 turnirida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi o‘yinda jamoa Gonkong terma jamoasi ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.
Musobaqa davomida O‘zbekiston terma jamoasi barcha raqiblaridan ancha ustun o‘ynadi. Jamoa Mo‘g‘ulistonni 26:1 hisobida mag‘lub etdi. Shuningdek, Filippin 28:3, Shimoliy Koreya 20:3 va Lyuksemburg 14:0 hisoblarida yengildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi o‘rinni egallab, kelasi yili kuchliroq guruh — Division III A’da ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Mazkur g‘alaba o‘zbek xokkeyi uchun muhim natija bo‘ldi. Bundan bir oy oldin yoshlar terma jamoasi ham o‘z divizionida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Lyuksemburgni 14:0 hisobida mag‘lub etgani haqida yozgan edi.