Yangiliklar

Qozog‘iston volfram konining 70 foizini AQSh investorlariga sotdi

Loyiha doirasida 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi
Foto: tsk.kz

Qozog‘iston kompaniyasi mamlakatdagi yirik «Severniy Katpar» volfram konining 70 foiz ulushini amerikalik investorlarga sotdi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan xabar berdi.

Bitim 2026-yil 13-fevralda tuzilgan. 16-aprel kuni esa yirik bitim sifatida rasman e’lon qilingan. Ulush Cove Kaz Capital Group kompaniyasiga berilgan. Mazkur kompaniya volfram va molibden qazib olish bilan shug‘ullanadi. Kon Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida joylashgan. Zaxiralar taxminan 90 ming tonna volfram va 13 ming tonna molibdenga baholanmoqda.

Kelishuvga ko‘ra, loyiha qo‘shma korxona shaklida rivojlantiriladi. Amerikalik investorlar 70 foiz ulushga ega bo‘ladi. Qozog‘iston tomoni esa 30 foizni saqlab qoladi. Investorlar loyiha rivoji uchun kamida $1,1 mlrd sarmoya kiritishni rejalamoqda. Shundan $900 mln mablag‘ni AQSh eksport-import banki ajratishi mumkin. Loyiha doirasida 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Muhim shartlardan biri shundaki, qazib olingan xomashyo eksport qilinmaydi. Barcha mahsulotlar mamlakat ichida qayta ishlanadi. Shu maqsadda ikki boyitish fabrikasi va metallurgiya zavodi qurilishi rejalashtirilgan. Bitim C5+1 sammiti doirasida muhokama qilingan. Bu kelishuv Qozog‘istonning tog‘-kon sanoatiga yirik xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Otbasy bank» O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.