
Qozog‘istondan benzin, dizel yonilg‘isi va ayrim neft mahsulotlarini olib chiqishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq uzaytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakatning Energetika vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 21-maydan 21-noyabrgacha neft mahsulotlarini avtomobil transporti orqali eksport qilish taqiqlanadi. Ushbu cheklov Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlariga ham tatbiq etiladi. Shu bilan birga, temir yo‘l orqali yengil distillerlarni olib chiqish bo‘yicha mavjud cheklovlar ham saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha ittifoq bojxona hududidan tashqariga yengil distillerlar, aviakerosin, dizel yonilg‘isi, gazoyl, ksilol va neft bitumini eksport qilishga qo‘shimcha taqiq joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda Xitoy avtomobillarini toʻliq taqiqlash masalasi koʻrib chiqilayotgani haqida yozgandi.