Yangiliklar

Quvasoyda 1,2 milliard so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj holati aniqlandi

Yashirin tarmoq tortish orqali
Quvasoyda 1,2 milliard so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj holati aniqlandi / Foto: Energetika vazirligi

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 1,2 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan choyxona fosh etildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Bosh prokuratura shtabi tomonidan Bosh prokuratura va tegishli xizmatlar hamkorligida Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida Quvasoy shahrida fuqaroga qarashli choyxonada tabiiy gazdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish holati aniqlangan. Aniqlanishicha, yashirin tarmoq tortish orqali gaz resurslaridan noqonuniy foydalanib kelingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarlik natijasida gaz ta’minoti korxonasiga 1,287 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Hozirda holat yuzasidan tegishli huquqiy choralar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda ham elektr va gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan edi.