Banklar va moliya

Shinhan Bank O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

Bank O‘zbekistonda sho‘ba kompaniya ochish bo‘yicha ichki qarorni qabul qilgan
Shinhan Bank O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalamoqda
Shinhan Bank binosi / Foto: Pulse

Janubiy Koreyaning Shinhan Banki O‘zbekistonda faoliyat boshlashni rejalamoqda. Bank mamlakatni Markaziy Osiyodagi asosiy yangi o‘sish bozori sifatida ko‘rmoqda.

Moliyaviy manbalarga ko‘ra, bank O‘zbekistonda sho‘ba kompaniya ochish bo‘yicha ichki qarorni qabul qilgan. Ariza 2026-yilning birinchi yarmida mahalliy regulyatorlarga topshirilishi kutilmoqda. Agar ruxsat berilsa, bu Shinhan Bankning 11-xorijiy sho‘basi bo‘ladi va O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning yirik banklari orasida birinchi bo‘lib to‘liq faoliyat boshlaydi.

Bank allaqachon mahalliy tashkilotlar bilan muzokaralar o‘tkazgan va tayyorgarlik ishlarining katta qismi yakunlangan. Tahlilchilar fikricha, yangi bank 2027-yildan ish boshlashi mumkin. Shinhan Bankning O‘zbekistonga kirish rejasi yangi emas. Bank 2009-yilda Toshkentda vakolatxona ochgan. 2024-yilda esa muzokaralarni faollashtirib, rahbariyat darajasida tashriflar amalga oshirilgan.

Bank O‘zbekistonni yuqori o‘sish salohiyatiga ega bozor sifatida baholamoqda. Mamlakat aholisi 38,3 mlndan ortiq va o‘rtacha yosh 29 ni tashkil etadi. Bu esa iqtisodiyotda faol va yosh ishchi kuchi mavjudligini ko‘rsatadi. Shinhan Bank O‘zbekiston moliya bozorini hali shakllanish bosqichida deb hisoblaydi. Kreditlar va valyuta operatsiyalariga talab oshib borayotgani ham e’tiborga olingan.

Bank O‘zbekistonda Qozog‘iston tajribasini qo‘llashni rejalamoqda. Qozog‘istonda u dastlab korporativ mijozlar bilan ishlagan, keyin esa chakana kreditlash va ipoteka yo‘nalishlarini rivojlantirgan. Kelajakda Shinhan Bank O‘zbekiston va Qozog‘iston bozorlarini o‘zaro bog‘lashni ham rejalamoqda. Shuningdek, bank Shinhan Card bilan birgalikda kengayishni ko‘zlamoqda.

Loyiha doirasida avtokreditlash bozori ham rivojlantirilishi mumkin. Bank bu yo‘nalishda mahalliy hamkorlar orqali ishlashni rejalamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ipak Yuli Bank YTTB’ning tasdiqlovchi bank maqomini olgani haqida yozgan edi.