Yangiliklar

Soliqdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jazo choralari kuchaytirildi

Qonun rasmiy e’lon qilinganidan 3 oy o‘tib kuchga kiradi
Foto: Pexels.com

Soliqdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jazo choralari kuchaytirildi. Tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasi va javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonun qabul qilindi.

Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, soliqni yashirish yoki kam ko‘rsatish holatlari uchun javobgarlik kuchaytirildi. Agar bunday qoidabuzarlik ma’muriy jazodan keyin yana takrorlansa BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima belgilanadi. Shuningdek, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham qo‘llanishi mumkin.

Avval bu kabi jinoyat uchun jarima ancha past edi. Ya’ni BHMning 15 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan cheklanardi.

Qonunga yana bir muhim yangilik kiritildi. Endi tadbirkorlar o‘z ishlarida jamoat himoyachisidan foydalanishi mumkin. Bunday vakil Savdo-sanoat palatasi yoki maxsus tayinlangan shaxs bo‘lishi mumkin. Bu vakil tergov yoki sud jarayonida tadbirkorning manfaatlarini himoya qiladi.

Shuningdek, soliq kodeksiga ham o‘zgartirish kiritildi. Endi sud qarori chiqmaguncha, qo‘shimcha hisoblangan soliqlar bo‘yicha penya hisoblanmaydi.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilinganidan 3 oy o‘tib kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nogironligi bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod etilishi ma’lum qilingandi. Yangi tartibga ko‘ra, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanuvchi ota-onalar uchun yengilliklar joriy etildi.