Yangiliklar

Xorijda ishlash istagidagi fuqarolarning til o‘rganish va imtihon xarajatlari qoplanadi

Mablag‘lar bevosita fuqarolarning o‘ziga yo‘naltiriladi
Xorijda ishlash istagidagi fuqarolarning til o‘rganish va imtihon xarajatlari qoplanadi / Foto: President.uz

Endilikda chet tilini o‘rganish xarajatlarining 50 foizi, kasbiy malaka imtihoni xarajatlari esa to‘liq qoplab beriladi. Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda 1,2 mln nafardan ortiq o‘zbekistonlik dunyoning 40 ga yaqin davlatlarida mehnat qilmoqda. Global mehnat bozorida, xususan, Yevropa va Sharqiy Osiyoda malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini inobatga olgan holda, mamlakatimizda migratsiya geografiyasini kengaytirish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Ayni paytda xorijiy hamkorlardan 100 mingdan ortiq mutaxassislar, jumladan, Germaniyadan 40 ming nafar hamshira, Yaponiyadan esa qurilish va logistika sohalari uchun 15 ming nafar xodimga buyurtmalar kelib tushgan.

Ushbu ehtiyojni qoplash maqsadida «Kasb plyus til» tamoyili asosidagi qo‘shma ta’lim loyihalari sonini 20 taga yetkazish va qamrovni 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilmoqda. Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori bo‘lgan kasb va 7 ta chet tilini o‘rgatuvchi, xalqaro sertifikat imtihonlarini o‘tkazuvchi zamonaviy o‘quv kampusi tashkil etiladi. Shuningdek, Andijon, Samarqand va Farg‘ona kabi shaharlardagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Sohani rivojlantirishda yangi moliyaviy mexanizmlar joriy etilmoqda. Endilikda chet tilini o‘rganish xarajatlarining 50 foizi, kasbiy malaka imtihoni xarajatlari esa to‘liq davlat tomonidan qoplab beriladi, bunda mablag‘lar bevosita fuqarolarning o‘ziga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, «Xorijda ish» platformasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ish beruvchilar va aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, mavsumiy ishlar bo‘yicha AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Fuqarolarning xorijdagi huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirda 37 ta davlatda fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan davrda minglab yurtdoshlarimizga huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasi loyihasi bilan tanishgan edi.