
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov ilmiy darajalar berish tizimidagi muammolar haqida keskin fikr bildirdi. Unga ko‘ra, ilmiy darajalar sifati pasaymoqda.
«Hozir rahbar bo‘ldimi, ikki yilda PhD olyapti. Yana ikki-uch yil o‘tmasdan fan doktor bo‘lyapti. U rahbar odam qachon ilm qiladi? Mana men endi mana bunaqa mansabga o‘tirib ko‘ryapman. Kitob o‘qishga ham, boshqaga ham umuman vaqt yo‘q», — deya qayd etgan Ayupov.
U ilgari Oliy attestatsiya komissiyasiga rahbarlik qilgan davrini eslab, statistikani keltirdi. O‘sha paytda bir yilda butun mamlakat bo‘yicha taxminan 100 ta doktorlik va 500–600 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Keyinchalik bu ko‘rsatkichlar keskin oshib, hatto 10 baravarga yetgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi yillarda ilm-fanga e’tibor kuchayib, olimlar uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, fan nomzodlariga 30 foiz, fan doktorlariga esa 60 foiz qo‘shimcha to‘lov belgilangan. Bu ilmni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim qadam bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Fanlar akademiyasiga tegishli yerning 190 gektari «Toza havo» loyihasiga berilgani haqida yozgan edi.