Yangiliklar

MChJlar faoliyatida yangi boshqaruv qoidalari joriy etildi

Qonun e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi
Endi o‘zini band qilganlar BHMning kamida 1 baravarida soliq to‘laydi
MChJlar faoliyatida yangi boshqaruv qoidalari joriy etildi / Foto: Freepik

Mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish va korporativ boshqaruvni takomillashtirishga qaratilgan yangi tahrirdagi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur hujjat bilan MChJlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etilishi, sohadagi huquqiy bo‘shliqlar bartaraf qilinishi hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan.

Qonun jami 71 moddadan iborat bo‘lib, u rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi. Hujjatni ishlab chiqishda xorijiy va mahalliy ekspertlar fikrlari, jamoatchilik takliflari hamda ilg‘or xalqaro tajribalar inobatga olingan.

Yangi tahrirda bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilgan. Xususan, jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari va uning a’zolarini saylash tartibi aniq belgilandi. Shuningdek, kengash qarorlarini sirtqi ovoz berish yo‘li bilan qabul qilish tartibi ham mustahkamlandi.

Bundan tashqari, xalqaro amaliyotga mos ravishda kuzatuv kengashi a’zolari va ijro etuvchi organlarning fidutsiar majburiyatlari joriy etildi. Qonunga ko‘ra, jamiyatlar nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar hamda xabardor qilish tartibi asosida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, jamiyatlarning filial, vakolatxona, sho‘ba va qaram xo‘jaliklarini tashkil etish tartibi alohida modda sifatida belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Biznes himoya» QR-kod tizimi doirasida nazorat jarayonlari raqamlashtirilishi haqida yozgan edik.