Yangiliklar

O‘zbekiston telekom bozori Markaziy Osiyoda eng yuqori o‘sishni qayd etdi

2025-yilda soha hajmi 18,3 foizga o‘sib, 24,9 trillion so‘mni tashkil qildi
Foto: IPSQA

2025-yilda O‘zbekistonning telekommunikatsiya bozori qo‘shni davlatlarga nisbatan 1,5–2 barobar tezroq rivojlanib, umumiy hajmi 24,9 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Nexign kompaniyasi Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, telekom operatorlari daromadining 81 foizi internet va mobil aloqa xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda sohaning o‘sishi 18,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 11,8 foizni, Qirg‘izistonda esa 8,1 foizni tashkil qilgan.

Hozirgi kunda 4G tarmog‘i aholining 95–98 foizini qamrab olgan va Toshkent hamda yirik aglomeratsiyalarda 5G tarmog‘i tijorat sinovidan o‘tkazilmoqda. Tarmoq infratuzilmasiga sarflanayotgan yuqori xarajatlar fonida aloqa operatorlari daromadni oshirish maqsadida raqamli ekotizimlar va paketli xizmatlarni kengaytirmoqda.

«Telekom bozori yuqori sur’atlarda o‘smoqda va chuqur texnologik transformatsiyani boshidan kechirmoqda», — dedi Nexign bosh direktori o‘rinbosari Sergey Karpov.

Uning ta’kidlashicha, operatorlar raqobatda qolish uchun yangi xizmatlarni tezkor joriy etishi va moslashuvchan tariflarni taklif qilishi talab etiladi.

Sohaga oid yangi qonunchilik va «Raqamli O‘zbekiston — 2030» loyihasi doirasida optik tolali internet tarmog‘i jadal rivojlanmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt (SI) va ma’lumotlar markazlariga $100 mlndan ortiq sarmoya kiritgan xorijiy investorlar 2040-yilgacha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan.

Analitiklar prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston telekom bozori yiliga o‘rtacha 12 foiz o‘sib, 2028-yilga borib qariyb 35 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Beeline Business Microsoft bilan hamkorlik orqali raqamli ekotizimini kengaytirishi haqida xabar bergan edi.