
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga yetib bordi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat yetakchisi Ostona shahriga Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan keldi. Poytaxt aeroportida O‘zbekiston rahbarini Qozogʻiston bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni mintaqaviy ekologik masalalariga bag‘ishlangan sammitda ishtirok etadi. Shuningdek, u Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida ham qatnashishi rejalashtirilgan.

Mazkur tadbirlar doirasida mintaqaviy ekologik muammolar, xususan, Orolbo‘yi hududidagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan hamkorlik masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev mamlakatda yer resurslaridan yanada samarali foydalanish va yer munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgan edi.