
Ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy bank raisi Temur Ishmetovning qo‘l soati haqida tarqalgan xabarlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Markaziy bank holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
2021-yilda Ishmetovning Moliya vaziri lavozimida ishlagan paytdagi intervyudan olingan tasvirlarga tayanib, ayrim manbalar amaldor 27,7 ming yevrolik ($32,5 ming atrofida) Patek Philippe Calatrava soatini taqqani haqida xulosa chiqargan.

Markaziy bank matbuot xizmati ushbu ma’lumotlarni rad etdi va tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Rasmiy izohda qayd etilishicha, Temur Ishmetov taqqan soat Tissot brendiga mansub bo‘lib, 2021-yilda uning narxi taxminan $300–$350 atrofida bo‘lgan. Hozir ham soat $300 dan yuqori narxda sotilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning ham $50 minglik qimmatbaho soati haqida xabarlar tarqalgan edi. U mazkur holat yuzasidan videomurojaat qilib, soatning marhum otasidan meros ekanligiga ishora qilgan.