
Yevropa Ittifoqi aholisi tug‘ilish darajasi pasayishi va qariyalarning ko‘payishi sababli 2025-yildan 2100-yilgacha 11,7 foizga qisqaradi. Mintaqaning umumiy aholisi 452 mlndan 399 mlngacha tushishi kutilmoqda. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Qisqarish darajasi Yevropa bo‘ylab turlicha bo‘lib, eng katta pasayish Latviya (33,9 foiz), Litva (33,4 foiz), Polsha (31,6 foiz) va Gretsiyada (30,1 foiz) kuzatilishi taxmin qilinmoqda. Katta iqtisodiyotga ega davlatlar orasida faqat Ispaniyada aholi soni 1,3 foizga o‘sishi prognoz qilingan bo‘lsa, Italiyada aholi 24 foizga kamayishi kutilmoqda.
Aholi soni sezilarli o‘sadigan davlatlar qatoriga Lyuksemburg (36,4 foiz), Islandiya (27,1 foiz) va Malta (26 foiz) kiradi. Mutaxassislarning fikricha, o‘sish yoki pasayish dinamikasi asosan migratsiya ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Maks Plank institutining demografik tadqiqotlar bo‘yicha eksperti doktor Dmitriy Jdanov «migratsiya Yevropada aholi o‘sishini ta’minlay oladigan yagona omilligini» ta’kidladi.
2100-yilga kelib mintaqada yosh tarkibi keskin o‘zgarishi prognoz qilinmoqda. Xususan, 85 va undan katta yoshdagilar ulushi uch barobarga oshib, 3,2 foizdan 10,8 foizga yetadi. Yevropa iqtisodiyotining asosi hisoblangan 31–65 yoshlilar qatlami esa 47,8 foizdan 40,5 foizgacha pasayadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2032-yilga borib O‘zbekistonda aholi soni 43 mln bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.