Yangiliklar

2027-yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi

Raislikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi
2027-yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi
Foto: prezident matbuot xizmati

Kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisida ma’lum qildi.

Shuningdek, davlat rahbari o‘z nutqida raislikning bir qator ustuvor yo‘nalishlari haqida ham ma’lumot berdi.

Bunda birinchi yo‘nalish jamg‘arma faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratiladi. Tuzilma va huquqiy baza takomillashtiriladi. Organlar vakolatlari aniq taqsimlanadi. Bu borada mintaqaviy ishchi guruh 15 ta majlis o‘tkazdi.

Ikkinchi yo‘nalish jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirishni ko‘zda tutadi. Bu qarorlar orqali barqaror rivojlanish yo‘nalishlari amaliyotga joriy etiladi.

Uchinchi yo‘nalish dastur va loyihalar samaradorligini oshirishga qaratiladi. Orol havzasi bo‘yicha 34 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularning natijadorligini baholash uchun aniq indikatorlar joriy etilishi taklif qilinmoqda.

To‘rtinchi yo‘nalishda moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish rejalangan. BMTning Orolbo‘yi uchun inson xavfsizligi trast fondidan foydalanish taklif etildi. Ushbu platformani butun mintaqaga kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Beshinchi yo‘nalish jamg‘arma va boshqa mintaqaviy tuzilmalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratiladi. Suv, energetika, iqlim va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.

Oltinchi yo‘nalish suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishni nazarda tutadi. «Kelajak suvi» dasturi ishga tushiriladi. U fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi texnologiyalarga o‘rgatadi.

Shuningdek, Afg‘oniston bilan hamkorlikni kengaytirish muhim deb ta’kidlandi. Suv resurslarini adolatli taqsimlash bo‘yicha umumiy mintaqaviy yondashuv ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga tashrifi doirasida Ostona shahridagi «EXPO» markazida o‘tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirgandi.

Sammitda ekologik siyosatning asosiy yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. Ular iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, oziq-ovqat xavfsizligi, ekotizimlar barqarorligi va tabiiy xavflarga moslashishni qamrab oladi.