Yangiliklar

2,3 mln o‘zbekistonliklar Max messenjeridan foydalanmoqda, Portugaliya klubi ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchini ijaraga oladi— 22-apreldagi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 22-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: iz.ru

Kursiv Uzbekistan 22-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi

Rossiyada qarovsiz qolgan 6 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

Rossiyada qarovsiz qolgan 6 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Foto: Unsplash

Rossiya Federatsiyasida qarovsiz qolgan 6 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi. Operatsiya 21-aprel kuni idoralararo hamkorlik hamda Rossiya Ichki ishlar vazirligi bilan olib borilgan ishlar natijasida amalga oshirilgan. Bolalar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali mamlakatga olib kelindi. Ular Toshkent shahrida oila a’zolariga topshirildi.

O‘zbekiston Max messenjeridan foydalanish bo‘yicha xorijiy davlatlar orasida yetakchiga aylandi

Foto: iz.ru

O‘zbekiston Max messenjerida ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Belarusni ortda qoldirib, xorijiy davlatlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda ilova yaratuvchisi bo‘lgan VK Company ma’lum qildi.

Rasm SI yordamida yaratilgan

Ro‘yxatdan o‘tgan davlatlarning kuchli beshligiga O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kirdi. Hozirda ushbu tarmoqda jami 40 ta davlat fuqarolari ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. MDH mamlakatlari aholisi o‘tgan yilning noyabr oyida tizimga ulangan bo‘lsa, 2026-yilning mart oyidan boshlab Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi foydalanuvchilari ham platformaga qo‘shildi.

O‘zbekistonlik ikki nafar futbolchi Portugaliya klubiga o‘tmoqda

Foto: O‘FA

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi a’zolari Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning «Braga» klubiga bir yillik ijaraga berilmoqda. Futbolchilar 2026-yilning yozida yangi jamoasiga borib qo‘shiladi.

«Braga» skautlari o‘yinchilarni Qatarda bo‘lib o‘tgan U-17 Jahon chempionatida kuzatgan. 2025-yilning dekabr oyida ular Portugaliya klubining U-23 jamoasida ikki haftalik ko‘rikdan o‘tdi. Kelishuvga ko‘ra, «Bunyodkor» hamda Odil Ahmedov futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilarini to‘liq sotib olish huquqi ham mavjud.

Sadriddin Hasanov uchun 250 ming yevro, Sayfiddin Sodiqov uchun esa 300 ming yevro to‘lanishi ko‘zda tutilgan. Agar klub ularni sotib olsa, har ikki hujumchi bilan 5 yillik shartnoma imzolanadi. Keyinchalik o‘yinchilar boshqa jamoaga sotilsa, «Bunyodkor» va Ahmedov akademiyasi transferdan ma’lum foiz oladi.

«Oltin qalam» milliy mukofoti tanlovi boshlandi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi «Oltin qalam» XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni e’lon qildi. Tanlov jurnalistika yutuqlarini keng targ‘ib qilish va sifatli kontentni rivojlantirishga qaratilgan. Tanlovda televizion, radio, bosma va internet nashrlari yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi materiallar aniqlanadi. Har bir yo‘nalishda 1, 2 va 3-o‘rinlar beriladi. Shuningdek, O‘zbekiston haqida material tayyorlagan xorijiy jurnalistlar uchun ham alohida mukofotlar mavjud.

Bosh milliy mukofot g‘olibiga maxsus diplom, «Oltin qalam» haykalchasi va avtomobil topshiriladi. Birinchi o‘rin egalari 200 baravar (82,4 mln so‘m), ikkinchi o‘rin 175 baravar (72,1 mln so‘m), uchinchi o‘rin esa 150 baravar (61,8 mln so‘m) bazaviy hisoblash miqdorida pul mukofoti oladi. Rag‘batlantiruvchi nominatsiya g‘oliblariga 100 baravar (41,2 mln so‘m) miqdorda mukofot beriladi.

Poytaxtdagi 103-avtobus yo‘nalishi o‘zgartiriladi

Jizzaxga o‘nta zamonaviy avtobus olib kelindi
Foto: Transport vazirligi

Toshkentda 25-apreldan boshlab 103-sonli avtobus yo‘nalishida o‘zgarish bo‘ladi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Chilonzor buyum bozori – Chorsu savdo markazi yo‘nalishidagi mazkur avtobuslar endi Furqat ko‘chasidan Alisher Navoiy ko‘chasi orqali yuradi. Yangi tartibga ko‘ra, avtobuslar Milliy drama teatri bekatiga kirmaydi.

Mazkur o‘zgarish yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish va yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish maqsadida joriy etilmoqda.

Qirg‘izistondan noqonuniy olib kelingan 24,5 kg giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolindi

Qirg‘izistondan noqonuniy olib kelingan 24,5 kg giyohvand modda to‘xtatib qolindi
Ekran tasviri videodan olingan

Qirg‘izistondan noqonuniy olib kelingan 24,5 kg giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. Tezkor tadbir davomida qo‘shni davlatdan noqonuniy olib kelingan 24,5 kg «gashish» moddasi to‘xtatib qolindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan va avval ham sudlangan shaxs ushbu moddani Xo‘jaobod tumanidagi yashirin joydan olib ketayotgan paytda qo‘lga olingan. Unga nisbatan kontrabanda va giyohvandlik moddalari savdosi bilan bog‘liq moddalarga, asosan, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qarori bilan unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Har bahor shu bo‘lar takror: Qozog‘iston yana olti oyga tuxum importini taqiqladi

Foto: Depositphotos.com

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi 17-apreldan yana tuxum importini vaqtincha taqiqladi. Tegishli qaror mamlakat normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi. Yangi qoidalarga ko‘ra, taqiq mahsulotni barcha transport turlari orqali olib kirishga amal qiladi. Taqiq uzoq xorijiy davlatlardan importga ham, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlardan ulgurji yetkazib berishga ham tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, rasmiylar xalqaro tashuvchilar uchun muhim logistika istisnolarini nazarda tutgan. Xususan, Qozog‘iston hududi orqali yangi tovuq tuxumlari tranzitiga to‘liq ruxsat beriladi. Shuningdek, ushbu mahsulotning ittifoq doirasidagi boshqa davlatlar o‘rtasida Qozog‘iston orqali erkin tranzit qilinishiga ham yo‘l qo‘yiladi.

Umumiy ovqatlanish joylarida alkogolni naqd pulga sotishga ruxsat beriladi

Foto: Savdo-sanoat palatasi

O‘zbekistondagi umumiy ovqatlanish joylarida yaqin kunlarda alkogol mahsulotlarini naqd pul orqali sotish imkoniyati qayta tiklanadi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov ma’lum qildi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/04/img_4496-1.mp4

«Bu bizning aybimiz. Bu bo‘yicha ishlayapmiz, yaqin kunlarda yechim beramiz. Masala bo‘yicha kerakli tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Oshxona va mehmonxonalarda alkogolli mahsulotlarga alohida, oziq-ovqatlarga alohida pul to‘lashmoqda. Bu muammoni hal qilib beramiz», – dediSoliq qo‘mitasi raisi.

Mamlakatda joriy yilning 1-aprelidan boshlab ayrim xizmat turlari, xususan, alkogol mahsulotlari savdosini faqat naqdsiz to‘lovlar orqali amalga oshirish tartibi o‘rnatilgan edi. Hozirda mazkur tartibga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan maxsus hujjat loyihasi tayyorlangan. U boshqa tegishli davlat idoralari bilan kelishish bosqichida turibdi.