Avto

Import avtomobillarning savdosi ikki barobarga oshdi

Hisobotga ko‘ra, birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 78 mingdan ortiq yengil avtomobil sotilgan
Eng avtomobil qaysi hududda sotilmoqda
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda import avtomobillarining savdosi ikki barobarga oshib, 5,7 ming donaga yaqinlashdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

2026-yil mart oyida O‘zbekistonda avtomobil savdosi 19 foizga oshdi. Eng ko‘p xarid Toshkent shahrida qayd etildi. Hisobotga ko‘ra, birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 78 mingdan ortiq yengil avtomobil sotilgan. Yillik hisobda esa o‘sish 20,6 foizni tashkil etgan.

Hududlar kesimida aksariyat viloyatlarda faollik oshgan. Faqat Jizzax, Andijon va Samarqand viloyatlarida pasayish kuzatilgan. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida qayd etilib, savdo hajmi 51,4 foizga oshgan. Toshkent viloyatida o‘sish 46 foizni tashkil etgan. Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida ham mos ravishda 34,5 foiz va 27,5 foizlik o‘sish kuzatilgan. Toshkent shahrida esa bozor faolligi bir oyda 60,5 foizga oshgan.

Foto: CERR

Yangi avtomobillar segmentida ham o‘sish davom etgan. Mart oyida qariyb 31 ming dona yangi avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 13 foizdan ortiq ko‘p. Yillik o‘sish 37 foizni tashkil etgan. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi 25 ming donaga yetib, bir oyda 3,8 foizga oshgan. Yillik hisobda esa o‘sish 26,5 foizni tashkil etgan.

Foto: CERR

Ikkilamchi bozorda ham ijobiy dinamika kuzatilgan. Mart oyida 47,5 ming dona avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 23 foizga ko‘p. Yillik o‘sish 12 foizni tashkil etgan.

Elektromobillar bozori ham kengaymoqda. Mart oyida jami 5,5 ming dona elektromobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga ko‘p. Eng katta o‘sish Xorazm viloyatida kuzatilib, savdo 5 baravar oshgan. Navoiy viloyatida 3,6 baravar, Jizzaxda 2,9 baravar va Farg‘onada 2,2 baravar o‘sish qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Onix O‘zbekistonda ishlab chiqarilmasligi haqida yozgan edi.