
Milliarder Ilon Mask oʻtgan yili SpaceXʼdagi ulushini oshirish uchun $1,4 mlrd sarfladi. Bu haqda Reuters The Information nashriga tayanib xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, aksiyalar kompaniyaning hozirgi va sobiq xodimlaridan ikkilamchi bozorda sotib olingan, bitimlar esa Maskning trast fondi orqali amalga oshirilgan. Ushbu xaridlar IPO prospektining maxfiy loyihasida ochiqlangan. Uoll-stritda kutilayotgan joylashtirishda SpaceXʼning bahosi $1,75 trlnga yetishi va kompaniya $75 mlrdgacha mablagʻ jalb qilishi mumkin. Bu tarixdagi eng yirik IPO’lardan biriga aylanishi ehtimoli bor.
The Information maʼlumotlariga koʻra, kompaniya Mask uchun yangi mukofot dasturini ham tasdiqlagan. Unga koʻra, SpaceX kapitallashuvi $6,6 trlnga yetganda va ayrim loyihalar amalga oshirilganda, u qoʻshimcha aksiyalar oladi. Shu bilan birga, Reuters ushbu maʼlumotlarni mustaqil tasdiqlay olmaganini bildiradi.
IPO doirasida ikki toifali aksiyalar tizimi joriy etiladi. B toifasidagi aksiyalar boshqalarda qoladi va koʻproq ovoz huquqiga ega boʻladi, investorlar esa oddiy aksiyalarni sotib oladi. Bu Maskka kompaniya ustidan nazoratni saqlab qolish imkonini beradi.
Maʼlumot uchun, kompaniya daromadi $18,67 mlrdgacha oshgan. Biroq kapital xarajatlarning keskin koʻpayishi fonida 2025-yilda $4,94 mlrd zarar qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google kompaniyasining SpaceXʼga sarmoyasi 100 mlrd dollargacha yetishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.