Yangiliklar

O‘zbekiston aeroportlari 2026-yilning birinchi choragida qariyb 4 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi

Yo‘lovchi oqimi o‘tgan yildagiga nisbatan 19 foizga o‘sdi
Foto: Uzbekistan Airports

2026-yilning yanvar – mart oylarida O‘zbekiston aeroportlari orqali jami 3,9 mln nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi va 30,8 mingta aviareys amalga oshirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.

Xizmat ko‘rsatilgan 30,8 mingta reysning 22,8 mingtasi xalqaro, 7,9 mingtasi esa ichki yo‘nalishlarga to‘g‘ri keladi. Shunga mos ravishda xalqaro yo‘nalishlarda 3,3 mln nafar, mahalliy qatnovlarda esa 663,5 ming nafar yo‘lovchi tashilgan. Parvozlar sonining umumiy o‘sishi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 10 foizni tashkil etdi.

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroporti mamlakatning eng yirik havo bandargohi maqomini saqlab qolib, 2,56 mln yo‘lovchi va 19 mingga yaqin reyslarni qabul qildi. Hududiy aeroportlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlarni Samarqand (376,4 ming), Urganch (222 ming), Namangan (210,1 ming) va Farg‘ona (161,2 ming yo‘lovchi) qayd etgan.

Yuk tashish segmentida ham barqaror ijobiy dinamika saqlanib qolgan. Birinchi chorakda mamlakat aeroportlari orqali jami 19,7 ming tonna yuk va pochta o‘tkazilib, 2025-yilga nisbatan 14 foizlik o‘sishga erishilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gonkong aeroportida miyovlaydigan 8 metrli ulkan mushuk o‘rnatilgani haqida xabar bergan edi.