Yangiliklar

O‘zbekistonda 145 mingdan ortiq obyektga quyosh panellari o‘rnatildi

Quyosh panellari eng ko‘p tadbirkorlik subyektlarida joriy etilgan
O‘zbekistonda 145 mingdan ortiq obyektga quyosh panellari o‘rnatildi
Foto: Unsplash

Respublika bo‘ylab 145 mingdan ortiq obyektga umumiy quvvati 2 114 MVt bo‘lgan kichik quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Quyosh panellari eng ko‘p tadbirkorlik subyektlarida joriy etilgan. Ushbu toifadagi 33 208 ta obyekt hisobiga 1 155 MVt quvvat shakllangan. Aholi xonadonlarida esa 88 489 ta uyga jami 503 MVt quvvat o‘rnatilgan. Shuningdek, 21 643 ta ijtimoiy soha obyektida 425 MVt quvvatli panellar ishlamoqda. Ko‘p qavatli uylar kesimida esa 2 398 ta bino tomiga 31 MVt quvvat joylashtirilgan.

2026-yilning birinchi choragida ushbu panellar orqali 411 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 159 mln kVt/soatga ko‘p yoki 63 foiz o‘sish degani. Natijada 125 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi. Atmosferaga 134 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olindi. Ishlab chiqarilgan elektr hajmi o‘rtacha 685 ming xonadonning uch oylik ehtiyojiga teng.

Aholi va tadbirkorlar ortiqcha ishlab chiqarilgan energiyani ham tarmoqqa uzatmoqda. 2026-yil birinchi choragida bu ko‘rsatkich 163,7 mln kVt/soatga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 3,5 barobarga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yil boshida «yashil» energiya ishlab chiqarish 40 foizga oshgani haqida yozgan edi.