
Toshkentda 25-apreldan boshlab 103-sonli avtobus yo‘nalishida o‘zgarish bo‘ladi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Chilonzor buyum bozori – Chorsu savdo markazi yo‘nalishidagi mazkur avtobuslar endi Furqat ko‘chasidan Alisher Navoiy ko‘chasi orqali yuradi.

Yangi tartibga ko‘ra, avtobuslar Milliy drama teatri bekatiga kirmaydi.
Mazkur o‘zgarish yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish va yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish maqsadida joriy etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdan Nurafshongacha 30 daqiqalik avtobus yo‘lagi qurilishi haqida xabar berilgandi. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 24-martdagi qaroriga muvofiq, «Qo‘yliq» bozoridan Nurafshon shahri markazigacha 23 kilometrlik yangi yo‘l infratuzilmasi quriladi.