Yangiliklar

O‘zbekistonda qimmatbaho toshlar va metallarning noqonuniy muomalasi uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi

Ushbu qoidabuzarlik uchun endilikda 15 sutkagacha ma’muriy qamoq yoki jarima choralari qo‘llaniladi
Foto: Arujan Maxsotova / Kursiv Media

O‘zbekistonda qimmatbaho metallar va toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish bo‘yicha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qimmatbaho metallar va toshlarni noqonuniy olish yoki o‘tkazish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, kodeksning VIII bo‘limiga «Qimmatbaho metallar» hamda «Qimmatbaho toshlar» atamalarining huquqiy ma’nosi kiritildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan, qoidabuzarlik birinchi marta sodir etilganda ashyolar musodara qilinadi. Aybdor shaxsga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi.

Ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solinishi ko‘zda tutilgan. Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori oshirilgani haqida xabar bergan edi.