
Rossiya 1-maydan boshlab «Drujba» neft quvuri orqali Qozog‘iston neftini Germaniyaga yetkazishni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangilangan eksport jadvali Qozog‘iston va Germaniya tomonlariga yuborilgan. Agar bu qaror tasdiqlansa, Germaniyaning yonilg‘i ta’minotida yana noaniqlik kuchayadi. Chunki Yaqin Sharqdagi vaziyat ham global energiya oqimlariga bosim o‘tkazmoqda.
2025-yilda Qozog‘iston Germaniyaga ushbu quvur orqali 2,1 mln tonnadan ortiq neft yetkazgan. Bu kuniga taxminan 43 ming barrelni tashkil etadi. 2026-yilning birinchi choragida esa 730 ming tonna eksport qilingan.
Yetkazib berish to‘xtatilsa, Germaniyadagi yirik PCK neftni qayta ishlash zavodi uchun jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. Ushbu zavod Berlin va Brandenburg hududidagi avtomobillarning asosiy qismini yonilg‘i bilan ta’minlaydi.
Hozircha Rossiya rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqlamadi. Kreml vakili Dmitriy Peskov ushbu masala tekshirilishini bildirgan. Qozog‘iston Energetika vazirligi va Germaniya hukumati ham hozircha izoh bermagan.
So‘nggi yillarda Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi energetik aloqalar keskin o‘zgargan. Ukraina mojarosidan keyin Rossiya nefti yetkazib berish to‘xtatilgan edi. Shundan so‘ng Qozog‘iston nefti Germaniyaga muqobil manba sifatida yetkazib berila boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri neft narxi $130 gacha oshishi mumkinligi haqida yozgan edi.