
Tadbirkor Timur Musin o‘ziga qarashli bir nechta restoranlarni $24 mlnga sotuvga qo‘ydi. E’lonlar OLX Uzbekistan platformasida joylashtirilgan.
Sotuvga qo‘yilgan obyektlar orasida «Palove muzeyi», Caravan restorani va Cinara’s majmuasi bor. Ularning umumiy qiymati 294 mlrd so‘mni, ya’ni taxminan $24–25 mlnni tashkil etadi.
Eng yirik obyektlardan biri «Palove muzeyi» hisoblanadi. U besh qavatli bino bo‘lib, umumiy maydoni 5,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Restoran yonida Salar kanali bo‘yida 20 sotix obodonlashtirilgan hudud mavjud. Ushbu obyekt narxi 150 mlrd so‘m etib belgilangan. Uni qisman, 1 100 kvadrat metrdan boshlab sotish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahridagi Caravan restorani 7 sotix yer maydonida joylashgan. Binoning umumiy maydoni 1,8 ming kvadrat metr. Restoran qishda 250, yozda esa 490 nafargacha mehmon qabul qila oladi. Uning narxi 45 mlrd so‘m etib ko‘rsatilgan.
Tadbirkor Toshkent viloyati Chorvoq hududida joylashgan Cinara’s inshooti ham sotuvga qo‘ydi. Restoran poytaxdan 70 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, hududi 80 sotixni tashkil etadi. Bino maydoni 1,4 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Ushbu obyekt 99 mlrd so‘mga baholangan. Timur Musin postida ushbu restoran uchun bir necha mln dollar mablag‘ sarflanganini aytdi.
«Loyiha muhandislar, arxitektorlar, konstruktorlar, landshaft dizaynerlari tomonidan puxta ishlab chiqilgan edi. Ammo tegishli tuzilmalar tomonidan yetarli qo‘llab-quvvatlash bo‘lmagani sabab loyiha hozirgi sharoitda amalga oshmaydigan holga keldi. Afsuski, hozirgi muhit xususiy investitsiyalarni noqonuniy bosim va reyderlikdan himoya qilishga tayyor emas», — deya qayd etgan Musin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda $150 mlnlik «Arashan Resort» turizm majmuasining qurilishi boshlangani haqida yozgan edi.