Avto

Tracker’dan hashamdor: Chevrolet Sonic krossoveri rasman namoyish etildi

Tracker’dan hashamdor: Chevrolet Sonic krossoveri rasman namoyish etildi
Foto: Chevrolet

General Motors (GM) kompaniyasi yangi Chevrolet Sonic krossoverining to‘liq dizaynini rasman taqdim etdi. Model avvalo Lotin Amerikasi bozori uchun mo‘ljallangan.

Yangi Sonic avvalgi avlod hatchbek va sedanlardan farqli ravishda to‘liq krossover formatida ishlab chiqilgan. Model dizayni qarindosh Chevrolet Onix modelidan sezilarli darajada farq qiladi. Avtomobil ikki qavatli old optika, original radiator panjarasi va qora plastik himoya elementlari bilan ajralib turadi.

Foto: Chevrolet

Shuningdek, xaridorlarga sport ruhidagi Sonic RS versiyasi ham taklif etiladi. Bu variant kengroq qora dekor, yirik panjara va agressivroq dizayn elementlari bilan farqlanadi. Barcha komplektatsiyalarda yangilangan qora rangli Chevrolet logotipi qo‘llanilgan.

Krossover o‘lchamlari ham e’lon qilindi. Uning uzunligi 4,23 metr, kengligi 1,77 metr, balandligi 1,53 metrni tashkil etadi. Yo‘l oralig‘i qariyb 200 mm bo‘lib, bu modelni yengil yo‘ldan tashqari sharoitlar uchun ham mos qiladi.

Foto: Chevrolet

Salon hali to‘liq ko‘rsatilmagan, biroq ishlab chiqaruvchi raqamli panel va yumshoq materiallar ishlatilishini tasdiqladi. O‘rindiqlar esa kattaroq Chevrolet Tracker darajasidagi qulaylikni taklif etadi.

Texnik jihatdan model turbomotor bilan jihozlanadi. Kutilishicha, bu 1,0 litrli uch silindrli turbo dvigatel bo‘lib, 115 ot kuchi atrofida quvvat beradi. Braziliya bozorida u benzin va etanol bilan ishlaydi. Uzatmalar qutisi va boshqa tafsilotlar hali ochiqlanmagan, biroq model faqat old g‘ildirakdan tortishga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Chevrolet

Yangi Chevrolet Sonic model qatorida Onix Activ va Tracker orasidagi bo‘shliqni to‘ldiradi. Kompaniya model haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni savdolar boshlanishiga yaqin e’lon qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Onix O‘zbekistonda ishlab chiqarilmasligi haqida yozgan edi.