Yangiliklar

Xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 13 foizga oshdi

2025-yilning birinchi choragiga nisbatan
Foto: Shutterstock

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga kelgan pul o‘tkazmalari 2025-yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshdi. Markaziy bank sharhiga ko‘ra, xorijdan yuborilgan mablag‘lar hajmi $3,8 mlrdni tashkil etib, bu o‘tgan yildagiga nisbatan $433 mlnga ko‘p.

Bunda aynan pul o‘tkazmalari aholining banklarga valyuta sotishidagi asosiy manbalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu esa ichki valyuta bozorida taklifni oshirib, kurs barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatdan tashqariga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi $604 mlnni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan $39 mlnga kam.

Umuman, valyuta bozorida faollik oshdi. Xorijiy valyutaga talab $14,6 mlrdga yetib, 24 foizga ko‘paydi. Taklif esa $12,2 mlrdni tashkil etib, 27 foizga oshdi.

Aholi tomonidan banklarga $6 mlrd sotildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagiga nisbatan 1,5 barobar yuqori. Shu bilan birga, fuqarolar $3,2 mlrd sotib olib, bu yo‘nalishda ham 31% o‘sish qayd etildi.

Yuridik shaxslar orasida ham valyutaga talab ortdi. Ular tomonidan valyuta xaridi 23 foizga oshdi. Taklif esa 11 foizga ko‘paydi. Bu biznes faolligining oshayotganini ko‘rsatadi.

Mazkur omillar ta’sirida yil boshidan buyon milliy valyuta kursi 1,5 foizga pasaydi. Shu bilan birga, kursning kunlik tebranishi ham ikki barobarga oshdi.

Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) prognoziga ko‘ra, 2027-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari oqimining o‘sish sur’ati sekinlashishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mojaro sabab global iqtisodiyotda noaniqliklar kuchayib borayotganiga qaramay, hozircha iqtisodiy rivojlanish istiqbollari ijobiyligicha qolmoqda.