
2026-yil mart oyida Yevropa Ittifoqida yonilg‘i narxlari keskin ko‘tarildi. Avvaliga, fevralgacha narxlar pasayib kelayotgan edi.
Mart oyida yonilg‘i va moylash mahsulotlari narxi o‘tgan yilga nisbatan 12,9 foizga oshdi. Deyarli barcha davlatlarda narxlar ko‘tarilgan.
Eng katta o‘sish Germaniyada 19,8%, Ruminiyada 19,6% va Niderlandiyada 18,8 foizni tashkil qildi. Latviya va Avstriyada ham yuqori o‘sish qayd etildi.

Shu bilan birga, ayrim davlatlarda pasayish kuzatildi. Masalan, Vengriyada narxlar 2,7 foizga, Sloveniyada esa 5,9 foizga kamaygan.
Dizel va benzin narxlari alohida hisoblanganda ham o‘sish kuzatildi. Dizel narxi yiliga 19,8 foizga, benzin esa 9,4 foizga qimmatlashdi.

Fevral bilan solishtirganda ham mart oyida dizel narxi 19,1 foizga, benzin esa 10,6 foizga oshgan.
Mart oyida barcha davlatlarda yonilg‘i narxi oshgan. Dizel bo‘yicha eng katta o‘sish Chexiya va Shvetsiyada 27,6 foizni tashkil qildi. Estoniya, Latviya va Belgiya ham yuqori o‘sishni qayd etdi.
Benzin narxlaridagi o‘sish dizelga nisbatan pastroq bo‘ldi. Eng katta o‘sish Belgiya, Shvetsiya va Avstriyada kuzatildi.
Umuman olganda, mart oyida Yevropada yonilg‘i narxlari sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya «Drujba» quvuri orqali Qozog‘iston neftini Germaniyaga yetkazishni to‘xtatishi mumkinligi xabar qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangilangan eksport jadvali Qozog‘iston va Germaniya tomonlariga yuborilgan. Agar bu qaror tasdiqlansa, Germaniyaning yonilg‘i ta’minotida yana noaniqlik kuchayadi. Chunki Yaqin Sharqdagi vaziyat ham global energiya oqimlariga bosim o‘tkazmoqda.