Avto

Zeekr 8X avtomobili namoyish etildi

Model allaqachon bozorga chiqarilgan
Zeekr 8X avtomobili namoyish etildi
Foto: Autohome

Xitoyning Zeekr brendi yangi Zeekr 8X modelining eng yuqori versiyasini Pekin avtosalonidan oldin namoyish etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Model allaqachon bozorga chiqarilgan. Uning narxi 500,8 ming yuan, ya’ni taxminan $72,6 mingni tashkil etadi. Cheklangan muddatli taklif doirasida esa narx 473,8 ming yuanga, taxminan $68,7 minggacha tushirilgan. Yangi model SEA-S Super Hybrid Architecture platformasiga qurilgan bo‘lib, 900V kuchlanish tizimi va uch motorli kuchli elektr yuritmaga ega.

Foto: Autohome

Avtomobil tashqi ko‘rinishida bir qator sport elementlari mavjud. U maxsus radiator panjarasi, 22 dyuymli disklar, Brembo tormoz tizimi va keng Pirelli shinalari bilan jihozlangan. Shuningdek, aktiv spoyler tezlikka qarab avtomatik ishlaydi. Model 500 mm chuqurlikkacha suvdan o‘tish imkoniyatiga ega.

Texnik jihatdan Zeekr 8X juda kuchli ko‘rsatkichlarga ega. U 2,0 litrli turbo dvigatel va uchta elektromotordan iborat gibrid tizim bilan jihozlangan. Umumiy quvvat 1 030 kVt yoki 1 381 ot kuchiga yetadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 2,96 soniyada chiqadi.

Foto: Zeekr

Batareya ham yuqori tezlikda zaryadlanadi. 6C texnologiyali akkumulyator 20 foizdan 80 foizgacha atigi 9 daqiqada to‘ladi. To‘liq elektr rejimida 330 km, umumiy yurish masofasi esa 1 210 km ga yetadi. Yangi model ilg‘or texnologiyalar bilan ham ajralib turadi. Infraqizil tungi ko‘rish tizimi bir nechta rejimda ishlaydi.

Model taqdim etilgach, 30 daqiqa ichida 10 mingta buyurtma qabul qilingan edi.