Yangiliklar

2026-yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ovozi ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi
2026-yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasi tashkil etiladi
Foto: prezident matbuot xizmati

2026-yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasi tashkil etiladi. Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur ko‘cha turizm va servis sohalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalardan biri hisoblanadi. U 2025-yil sentabrda ishga tushirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 40 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Ko‘chaning uzunligi 2,1 km. Bu yerda piyodalar va velosiped yo‘laklari qurilgan. Aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Hududda dam olish maskanlari, sport maydonchalari, bolalar uchun ekomaydonchalar mavjud. Selfi zonalar va boshqa xizmatlar ham tashkil etilgan.

Hozir bu yerda 165 ta savdo obyekti ishlamoqda. 89 ta tadbirkorlik subyekti 24/7 rejimiga o‘tgan. Natijada 2 ming 221 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Foto: prezident matbuot xizmati

Prezidentga Toshkentdagi turizm ko‘chalari bo‘yicha umumiy ma’lumot ham berildi. 2025-yilda poytaxtda 26 ta ko‘cha tun-u kun ishlashga o‘tgan. Bu loyihalarga 540 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.

Natijada 1 ming 103 ta yangi obyekt ochilgan. 315 ta biznes 24/7 ishlashni boshlagan. 26 ta xorijiy brend faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bu ko‘chalarda kuniga 80 mingdan 200 minggacha odam xizmatlardan foydalanmoqda. 6 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlangan.

Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasini ochish rejalashtirilgan. 500 ta yangi obyekt ishga tushadi va 7 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Davlat rahbari xizmatlar sifatini oshirish va yangi loyihalarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtning barcha tumanlarida vaziyatlar markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.