Yangiliklar

AQSh Hind okeani hududida Eron tankerlarini to‘xtatdi

Hormuz bo‘g‘ozida harakat deyarli to‘xtagan
AQSh Hind okeani hududida Eron tankerlarini to‘xtatdi
Foto: Reuters

AQSh harbiylari Hind okeani hududida kamida uchta Eron neft tankerini to‘xtatdi. Kemalar Hindiston, Malayziya va Shri-Lanka yaqinida yo‘nalishidan qaytarilgan.

Manbalarga ko‘ra, bu choralar AQShning Eron dengiz savdosiga qo‘ygan blokadasi doirasida amalga oshirilgan. Shu vaqtning o‘zida Eron ham Hormuz bo‘g‘ozida kemalarga qarata o‘t ochgani aytilmoqda. So‘nggi haftalarda vaziyat keskinlashdi. AQSh va Isroil boshlagan urushdan ikki oy o‘tgan bo‘lsa-da, tinchlik muzokaralari tiklangani yo‘q.

Hormuz bo‘g‘ozida harakat deyarli to‘xtagan. Bu hudud orqali dunyodagi neft va gazning qariyb beshdan bir qismi o‘tadi. Manbalarga ko‘ra, AQSh kuchlari «Dorena» supertankeri ustidan nazorat o‘rnatgan. U 2 mln barrel neft bilan to‘la bo‘lgan va Hindiston yaqinida kuzatilgan.

Foto: BBC

Yana bir kema «Sevin» taxminan 1 mln barrel sig‘imga ega bo‘lib, yukining 65% bilan ushlangan. «Deep Sea» supertankeri ham qisman yuklangan holda Malayziya yaqinida to‘xtatilgan. Shuningdek, «Derya» tankeri ham nishonga olingani aytilmoqda. U Hindistonda yukini tushira olmaganidan keyin kuzatuvdan yo‘qolgan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi blokada boshlanganidan beri 29 ta kemaga yo‘nalishni o‘zgartirish yoki portga qaytish buyrug‘i berilganini bildirdi. Eron esa chorshanba kuni Hormuz bo‘g‘ozidan chiqmoqchi bo‘lgan ikki konteyner kemasini qo‘lga olganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hormuz bo‘g‘ozi uzoq muddat yopiq qolsa, neft narxi $130 gacha ko‘tarilishi mumkinligi haqida yozgan edi.