Banklar va moliya

Endilikda banklar kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib ololmaydi

Kompaniya ta’kidlashicha, o‘zgarishlar xizmatni yanada shaffof va tushunarli qilishga qaratilgan
Endilikda banklar kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib ololmaydi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Endilikda banklar kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib ololmaydi. Bu haqda Uzcard to‘lov tizimi Telegram kanalida ma’lum qildi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, 2026-yil 15-apreldan boshlab kartada kamida bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning uch baravariga teng mablag‘ doimiy qolishi shart. Bu shuni anglatadiki, yechib olish operatsiyalari balansni to‘liq nolga tushirmaydi.

Yechib olish faqat belgilangan minimal chegaradan ortiq bo‘lgan mablag‘ doirasida amalga oshiriladi. Shu orqali foydalanuvchilarning kartasida ma’lum miqdor mablag‘ saqlanib qoladi. Akseptsiz yechib olishlar asosan kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va boshqa moliyaviy majburiyatlarni avtomatik qoplash uchun qo‘llaniladi. Bu tizim to‘lov intizomini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Kompaniya ta’kidlashicha, o‘zgarishlar xizmatni yanada shaffof va tushunarli qilishga qaratilgan. Yangilangan qoidalar Uzcard to‘lov tizimi reglamentiga muvofiq joriy etilgan.

Ma’lumot uchun, ayni paytda BHM 412 ming so‘mni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yosh oilalar uchun ipoteka kreditlariga yangi tartib joriy etilishi haqida yozgan edi.