Avto

HIMA kompaniyasi yangi elektromobillarini taqdim etdi

Taqdimotda avtomobillarning narxlari ham e’lon qilingan
HIMA yangi elektromobillarini taqdim etdi
Foto: Huawei

Xitoyning Harmony Intelligent Mobility Alliance (HIMA) kompaniyasi Pekin avtosaloni oldidan yangi avtomobillarini namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Yangi Aito M6 o‘rta o‘lchamdagi krossover sifatida taqdim etildi. U 5 o‘rindiqli bo‘lib, zamonaviy dizayn va keng salon bilan ajralib turadi. Model HarmonyOS 5.0 tizimi, katta proyeksiya displeyi va simsiz zaryadlash funksiyalari bilan jihozlangan. Avtomobil 36 ta sensor va LiDAR texnologiyasi asosida ishlaydigan aqlli haydash tizimiga ega.

Foto: Huawei

HIMA ilk MPV modeli – Luxeed V9 ham taqdim etildi. U katta o‘lchamli bo‘lib, hashamatli salon va ilg‘or texnologiyalarni taklif qiladi. Ichkarida uch ekranli tizim, orqa yo‘lovchilar uchun katta displey va hatto mini muzlatkich mavjud. Ikkinchi qator o‘rindiqlari «nol tortishish» rejimida sozlanadi.

Shuningdek, yangilangan Aito M9 modeli ham ko‘rsatildi. U kattaroq kuzov, kuchli dvigatel va 120 kWh gacha batareya bilan jihozlangan. Modelda 6 ta LiDAR sensor, to‘liq faol osma tizim va ilg‘or haydash yordamchilari mavjud.

Foto: Huawei

Taqdimotda avtomobillarning narxlari ham e’lon qilindi. Masalan, Aito M6 taxminan 259,8 ming yuan, ya’ni qariyb $37,7 ming atrofida baholangan. Luxeed V9 esa 399,8 ming yuandan, ya’ni taxminan $57,9 mingdan boshlanadi. Flagman Aito M9 narxi 499,8 ming yuan, ya’ni qariyb $72,4 mingdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Saic Z7 va Z7T elektromobillari 23-martdan sotuvga chiqishi haqida yozgan edi.