Yangiliklar

Janubiy Koreyada vafot etgan o‘zbekistonlik ayol bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Yakuniy xulosalar marhumaning yaqinlariga yetkazilishi rejalashtirilgan
Janubiy Koreyada vafot etgan o‘zbekistonlik bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
Foto: Ochiq manba

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Janubiy Koreyada istiqomat qilgan o‘zbekistonlik Kim Nozima Akmal qizining vafoti yuzasidan rasmiy ma’lumot e’lon qildi.

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi voqea yuzasidan boshidan buyon Koreya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilib kelayotganini ma’lum qildi. Diplomatik vakolatxona tergov jarayonining shaffof o‘tishini ta’minlashga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Tergov tafsilotlari bilan yaqindan tanishish uchun marhumaning onasi Feruza Alimbekova Janubiy Koreyaga taklif etildi. 14-aprel kuni uning advokati va elchixona xodimlari ishtirokida Pyeongtaek City Police vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Dastlabki tergov va ekspertiza xulosalariga ko‘ra, marhumaning o‘limida qotillik alomatlari aniqlanmagan.

Politsiya tomonidan voqea sodir bo‘lgan joy va tibbiy muassasalardagi kuzatuv kameralari yozuvlari ham marhumaning yaqinlariga ko‘rsatildi. Shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza natijalari ham taqdim etildi. Tekshiruvlarga ko‘ra, o‘lim o‘z joniga qasd qilish sifatida qayd etilgan. DNK, qon va barmoq izlari tekshirilgan. Tana yuzasida zo‘ravonlik yoki zaharlanish alomatlari aniqlanmagan.

Koreya tomoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ayrim suratlar tergovga aloqador emasligini bildirgan. Bunday materiallarni tarqatish mamlakat qonunchiligiga zid ekani ta’kidlangan. Hozirda tergov davom etmoqda. Yakuniy xulosalar marhumaning yaqinlariga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri xorijda ishlash istagidagi fuqarolarning til o‘rganish va imtihon xarajatlari qoplanishi haqida yozgan edi.