
Jahon bozorida mis va alyuminiy bo‘yicha taqchillik kuchayishi kutilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, rangli metallar yetishmovchiligi kamida 2030-yilgacha narxlarga ta’sir qiladi.
Prognozlarga ko‘ra, 2026 – 2030-yillarda mis taqchilligi talabga nisbatan 2 – 6 foizini tashkil etadi. Alyuminiy bo‘yicha bu ko‘rsatkich 3 – 7 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar bunga bir nechta sababni keltirmoqda. Yirik konlarda avariyalar yuz berib, yangi konlar ishga tushirilishi sekin kechmoqda. Rudadagi metall ulushi esa har yili kamayib bormoqda.
Shu bilan birga, talab oshmoqda. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energetika va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish misga ehtiyojni kuchaytirmoqda. Xitoy bu jarayonda asosiy iste’molchi bo‘lib qolmoqda. Alyuminiy bozoriga esa Yaqin Sharqdagi mojaro bosim qilmoqda. Ushbu hudud global ishlab chiqarishning qariyb 9 foizini ta’minlaydi. Shuningdek, quyosh panellari va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarishi ham talabni oshirmoqda.
Bozordagi zaxiralar cheklangan. Mis zaxiralari bir-ikki yilga yetishi mumkin. Alyuminiy zaxiralari esa ikki-uch yilga yetadi. Shu bilan birga, nikel bozorida vaziyat boshqacha. Indoneziyadagi ortiqcha ishlab chiqarish tufayli bu metallda ortiqcha taklif saqlanib qolmoqda. Elektromobillar uchun talab ham kutilganidan past bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri volfram narxi o‘sishi bo‘yicha oltindan o‘zib ketgani haqida yozgan edi.