
O‘z bolasini 4 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ona, Yevropada rekord ko‘rsatkichga yetgan migrantlar soni — 23-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Rossiyada qarovsiz qolgan uch nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

22-aprel kuni Rossiya Federatsiyasidan qarovsiz qolgan uch nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ularning ota-onalari deportatsiya qilingan bo‘lib, jarayon Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari ko‘magida amalga oshirilgan. Bolalar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali poytaxtga yetib keldi. Ular kelgach, Toshkent shahar IIBB huzuridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.
Endilikda yer va binolarga egalik bilan bog‘liq ishlar hakamlik sudlarida ko‘rib chiqilmaydi

Endilikda yer va binolarga egalik, Davlat budjeti hamda davlat tashkilotlaridan pul undirish bilan bog‘liq ishlar hakamlik sudlarida ko‘rib chiqilmaydi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi qabul qilingan qonun bilan hakamlik sudyalariga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirildi. Endi ular Adliya vazirligi tasdiqlagan maxsus dastur asosida o‘quv kursidan o‘tishi shart. Bundan tashqari, sudyalar o‘z malakasini doimiy ravishda oshirib borishi kerak bo‘ladi.
Uch kunlik chaqaloqni 4 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Buxoro viloyatida tug‘ilganiga uch kun bo‘lgan chaqaloqni $4 mingga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi. Viloyat IIB ma’lumotiga ko‘ra, ona 2008-yilda tug‘ilgan.
Buxoro viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan 6-aprel kuni o‘tkazilgan tadbir davomida chaqaloq savdosining oldi olingan. Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan summaning bir qismini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. U shartli mijozdan $800 olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi.
Endilikda banklar kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib ololmaydi

Endilikda banklar kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib ololmaydi. Bu haqda Uzcard to‘lov tizimi Telegram kanalida ma’lum qildi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 2026-yil 15-apreldan boshlab kartada kamida bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning uch baravariga teng mablag‘ doimiy qolishi shart. Bu shuni anglatadiki, yechib olish operatsiyalari balansni to‘liq nolga tushirmaydi.
Yevropa Ittifoqida migrantlar soni rekord darajaga yetdi

Yevropa Ittifoqida migrantlar soni tarixiy maksimumga yetdi. Mustaqil RFBerlin instituti hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 64,2 mln kishini tashkil etdi.
So‘nggi bir yil ichida migrantlar soni 2,1 mln kishiga oshgan. 2010-yilda Yevropa Ittifoqida taxminan 40 mln migrant yashagan edi. Shunday qilib, 15 yil ichida bu ko‘rsatkich 60 foizdan ortiq o‘sdi. Hozirda migrantlar YI aholisi tarkibining 14,2 foizini tashkil etmoqda. Eng ko‘p migrantlar Germaniyada yashaydi. Bu mamlakatda ularning soni qariyb 18 mln nafarga yetgan.
2030-yilgacha «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturida 20 ming nafar yoshlar o‘qitiladi

O‘zbekistonda yoshlar bandligini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturi ishga tushiriladi. Mazkur dastur 2030-yilgacha 20 ming nafar yoshni tadbirkorlikka o‘qitishni nazarda tutadi.
Unda mahalliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek, xususiy sektor vakillari jalb qilinadi. Ishtirokchilar tanlov asosida saralanadi. Dastur doirasida yoshlarga biznes loyiha tuzish, mahsulotni bozorga chiqarish va faoliyatni kengaytirish bo‘yicha bilimlar beriladi. Yakunda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 1 ming nafar ishtirokchi maxsus sertifikat bilan taqdirlanadi.
Yosh oilalar uchun ipoteka kreditlariga yangi tartib joriy etiladi

O‘zbekistonda yosh oilalarga ipoteka uchun yangi tartib joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida qayd etildi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratishning yangi tartibi joriy qilinadi. Kreditlar birlamchi bozordan uy sotib olish uchun beriladi. Dastur doirasida muhim yengillik ham ko‘zda tutilgan. Ipoteka bo‘yicha foizlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
O‘zbekistonda 1-apreldan buyon 22 mingdan ziyod haydovchi 5 jarima bali to‘pladi

O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab kameralar va radarlar orqali qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini hisoblash tizimi ishlamoqda. Yangi tizim doirasida shu vaqtga qadar 22 ming 638 nafar haydovchi 5 jarima balini to‘plagan.
Tizim ishga tushganidan beri qoidabuzarlik sodir etgan 3 nafar haydovchiga 10 balldan jarima yozilgan. Hozirgi kunga qadar belgilangan eng yuqori me’yor – 12 ball to‘plagan haydovchilar ro‘yxatga olinmagan.
Boeing yetkazib berish bo‘yicha Airbus’ni ortda qoldirdi
AQShning aviasozlik giganti Boeing birinchi chorakda samolyotlar yetkazib berish ko‘rsatkichi bo‘yicha 2018-yildan beri ilk bor o‘zining asosiy raqobatchisi Airbus’dan o‘zib ketdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida pul mablag‘larining chiqib ketishi o‘tgan yilgi $2,29 mlrddan $1,45 mlrdgacha qisqargan. Sof zarar qariyb 77 foizga kamayib, $7 mlnni tashkil etdi. Tijorat samolyotlarini yetkazib berish 10 foizga oshib, 143 donaga yetgan va umumiy daromad $22,2 mlrdga ko‘tarilgan.
OTB 2025-yilda Markaziy Osiyo uchun qancha ajratdi
Osiyo taraqqiyot banki 2025-yilda o‘z resurslaridan $29,3 mlrd ajratdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga yuqori.
Bank mablag‘lari Osiyo va Tinch okeani mintaqasida iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi. Shu orqali 3,3 mln dan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi va 180 mln kishining hayoti yaxshilanishi kutilmoqda.