Yangiliklar

O‘zbekistonda meningokokk infeksiyasi holatlari ortdi

8 ming doza vaksina xarid qilindi
O‘zbekistonda meningokokk infeksiyasi holatlari ortdi
Foto: junona-nsk.ru

2026-yilda O‘zbekistonda meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz oshdi. Sanepidqo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 8 ming doza vaksina xarid qilindi.

Bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 4,9 ming nafar fuqaro emlash bilan qamrab olindi. Emlash mumkin bo‘lmagan holatlarda fuqarolar shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika oldi.

Qo‘mitaga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida jami 174 ta holat qayd etildi. Shundan 168 tasi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Aprel oyida kasallik martga nisbatan 14 foizga kamaygani kuzatildi.

Meningit bosh va orqa miya pardalarining yallig‘lanishi hisoblanadi. U ko‘pincha bakteriya yoki viruslar sababli paydo bo‘ladi va tez rivojlanishi bilan xavfli.

Qo‘mita kasallikdan himoyalanish uchun emlanish muhimligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish va alomatlar paydo bo‘lsa darhol shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Haj va Umra safariga boruvchilarga oldindan emlanish tavsiya qilinadi. Safardan qaytgach esa ommaviy tadbirlarda ishtirokni vaqtincha cheklash zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonliklarning 80 foizida COVID-19’ning Cicada shtammiga immunitet shakllanganini xabar qilgandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning aytishicha, BA.3.2 shtammi allaqachon aniqlangan va u tez tarqalmasligi bilan ajralib turadi. Shu sabab unga uzoq vaqt sezilmay yuradigan hasharot nomi berilgan.