Yangiliklar

O‘zbekistonda yosh ijodkorlar uchun «Ilg‘or ijodkor» prezident mukofoti ta’sis etiladi

G‘oliblar bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi
Foto: President.uz

O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga hissa qo‘shayotgan yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida «Ilg‘or ijodkor» prezident mukofoti joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Mukofot she’riyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlarga beriladi. Har bir yo‘nalish g‘olibi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritadi.

Farmonga asosan, 2027-yildan boshlab har ikki yilda bir marta, 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni arafasida «Avlodlar muloqoti» xalqaro yoshlar kongressi o‘tkaziladi. Bundan tashqari, 2026-yildan e’tiboran har yili sentabr oyida «Yoshlik – hayotning baxtli va oltin davri» shiori ostida umummilliy yoshlar festivali tashkil etilishi belgilangan.

Hududlarda yoshlar uchun mo‘ljallangan infratuzilma obyektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha minimal standartlar joriy etiladi. Xususan, 2026 – 2027-yillarda har bir hududdagi maxsus turizm va savdo ko‘chalarida kutubxona, book cafe hamda kitob do‘konlari joylashtiriladi.

Kitob savdosini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ham nazarda tutilgan. Ularga 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda, Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi doirasida 3 yil muddatga imtiyozli ssuda ajratish choralari ko‘riladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Oltin qalam» milliy mukofoti tanlovi boshlangani haqida xabar bergan edi.