Banklar va moliya

Muammoli kreditlar boʻyicha yetakchilik qilayotgan “Poytaxt Bank” rahbari ishdan olindi

Dilshod Pulatov
«Poytaxt Bank» rahbari lavozimidan ozod etildi
Foto: Dilshod Pulatov / LinkedIn

2026-yil 20-aprel kuni «Poytaxt Bank» AJ boshqaruv raisi Dilshod Pulatov lavozimidan ozod etildi. Qaror bankning yagona aksiyadori tomonidan qabul qilindi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Pulatov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida bekor qilingan. Shu bilan birga, uning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, qaror 100% qo‘llab-quvvatlangan. Qarshi yoki betaraf ovozlar bo‘lmagan.

Dilshod Pulatov 2025-yil sentabridan buyon bankni boshqarib kelayotgandi. U bungacha 13 yil davomida Octobank’da ishlagan va boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Abror Turg‘unovning ham vakolatlari tugatilgani ma’lum qilindi.

Bugungi kunda muammoli kreditlar bo‘yicha «Poytaxt Bank» banklar orasida yetakchi hisoblanadi. Xususan, 1-mart holatiga ko‘ra, bankning muammoli kreditlar ulushi 32,6 foiz (muammoli kreditlar 83 mlrd so‘m)ni tashkil qiladi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq banklar endi kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib ololmasligi haqida xabar berilgandi. Yangi qoidalarga ko‘ra, 2026-yil 15-apreldan boshlab kartada kamida bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning uch baravariga teng mablag‘ doimiy qolishi shart. Bu shuni anglatadiki, yechib olish operatsiyalari balansni to‘liq nolga tushirmaydi.