Yangiliklar

Poytaxtning barcha tumanlarida vaziyatlar markazi tashkil etiladi

Davlat rahbari Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrif buyurdi
Poytaxtning barcha tumanlarida vaziyatlar markazi tashkil etiladi
Foto: prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga poytaxt tumanlarida vaziyatlar markazini tashkil etishni topshirdi. Davlat rahbari 23-aprel kuni Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi.

Prezident dastlab Salar kanali ustidagi ko‘prikni ko‘zdan kechirdi. Hududdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishib, ko‘chat ekdi. Shundan so‘ng hokimlik binosida yaratilgan sharoitlar ko‘rib chiqildi. Bu yerda prezidentning 1992–1996-yillarda tuman hokimi bo‘lib ishlagan davri aks ettirilgan xonalar, xizmat avtomobili ham namoyish etildi.

Oldin tumanda 30 ga yaqin tashkilot alohida ishlagan. Bu esa aholi murojaatlarini tez hal qilishga to‘sqinlik qilgan. Hozir hokimlikda zamonaviy vaziyatlar markazi ishga tushirilgan. Bu yerda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan «Aqlli tuman» platformasi joriy etilgan.

Foto: prezident matbuot xizmati

Tizim orqali mahallalar bilan onlayn aloqa yo‘lga qo‘yilgan. Muammolar tez aniqlanadi va nazoratga olinadi. Favqulodda holatlarda xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi.

Platformada «Xavfsiz tuman» tizimi ham mavjud. U jamoat xavfsizligini nazorat qiladi. Tadbirkorlik xaritasi orqali soliq tushumlari prognoz qilinadi.

Maktablarda «AI Davomat» tizimi joriy etilgan. U o‘quvchilarning dars qoldirish holatlarini kamaytirishga yordam beradi.

Bunday tizimlar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham ishga tushirilgan. Prezident vaziyatlar markazini poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Shuningdek, barcha viloyat hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari Mirzo Ulugʻbek tumaniga kelib, ushbu yangi tizimni oʻrganishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Mirziyoyev hokimlik davrida foydalangan «Volga» surati e’lon qilingandi. «Volga» sobiq Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘z davrida yuqori martabali rahbarlar va davlat amaldorlari uchun mo‘ljallangan xizmat avtomobili sifatida tanilgan.