Yangiliklar

Taftish.uz ishi bo‘yicha tergovni Harbiy prokuratura olib bormoqda

Ish figurantlari orasida maxsus xizmat xodimlari borligi sababli tergov harbiy tergovchilarga o‘tkazilgan
Foto: Pinterest

Taftish.uz sayti jamoasiga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan davom ettirilmoqda. Bu haqda «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov xabar bermoqda.

Hozirgi kunga qadar sayt jamoasiga qarshi 400 dan ortiq fuqarolardan tushgan arizalar ko‘rib chiqilgan. Tergov jarayonini turli viloyatlardan jalb qilingan maxsus tergovchilar guruhi o‘rganmoqda.

Ayrim hujjatlar yopiq xarakterga ega ekani va tergov siri hisoblanishi sababli ishning to‘liq tafsilotlari ochiqlanmagan. Kelgusida mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud majlislari ham yopiq tarzda o‘tkazilishi taxmin qilinmoqda.

«Ezgulik» jamiyati raisi o‘z xabarida ushbu jarayonda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinmaganini hamda dastlabki kunlardanoq tergov sirlari ommaga oshkor qilinib, qatnashchilar ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinganini qayd etgan.

«Blogerlarning qilmishini ommaga oshkor qilgan rasmiylar bir jur’at topib, ishdagi xufyalar harakatlariga ham izoh berishsa yaxshi bo‘lardi», – deb yozadi Abdurahmon Tashanov.

Eslatib o‘tamiz, 16-yanvar kuni Taftish.uz internet nashrining 5 nafar xodimi G‘ayrat Aberayev, Azizjon Yuldashev, Sardor Xamidov, Marjona Eshquvvatova hamda Dilshod Nishonov protsessual tartibda ushlangan edi. Ular Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Taftish.uz faoliyati bo‘yicha yangi tergov tafsilotlari ochiqlangani haqida xabar bergan edi.