Yangiliklar

«The Boys» yulduzlari Jek Kueyd va Klaudiya Dumit turmush qurgani aytilmoqda

2022-yildan beri munosabatda bo‘lgan juftlik 18-aprel kuni Avstraliyada yopiq marosimda oila qurgan
Foto: Maya Dehlin Spach / WireImage

Prime Video platformasining «Yigitlar» (The Boys) seriali aktyorlari Jek Kueyd va Klaudiya Dumit 2026-yilning 18-aprel kuni Avstraliyaning Breydvud shahrida turmush qurdi. Nikoh marosimi faqat oila a’zolari va yaqin do‘stlar ishtirokida yopiq tarzda o‘tgan.

Foto: Instagram / Jek Kueyd

Juftlikning munosabatlari 2022-yilning iyun oyida Sidneyda birga ko‘rinish berganidan so‘ng jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan. Ular 2024-yilgi «Oskar» mukofotini topshirish marosimida birinchi marta rasman juftlik sifatida qizil yo‘lakdan o‘tgan edi.

Foto: Don Arnold / WireImage

Klaudiya Dumit Avstraliyada tug‘ilgan bo‘lib, kelib chiqishi italyan va livanliklarga borib taqaladi. U 2020-yilda «Yigitlar» (The Boys) serialining ikkinchi mavsumiga yovuz siyosatchi Viktoriya Nyuman rolida qo‘shilgan.

Foto: Deadline

«Uning omma oldida kiygan niqobi ortida qanday ayol yashiringanini ko‘rsatish juda qiziqarli bo‘ldi», — dedi aktrisa o‘z qahramoni haqida.

Foto: British GQ

Jek Kueyd esa mazkur loyihada Hyui Kempbell obrazini gavdalantiradi. Uning qahramoni dastlab oddiy texnika mutaxassisi bo‘lib, keyinchalik korrupsiyalashgan superqahramonlarga qarshi kurashuvchi guruhga qo‘shiladi va o‘zining texnik ko‘nikmalari bilan ularga yordam beradi.

Foto: Jenny Anderson / Disney / Getty

Jek Kueyd va Klaudiya Dumit o‘zlarining shaxsiy hayotini ommadan sir saqlashni afzal ko‘radi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Netflix bolalar uchun alohida o‘yin ilovasini ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.