Yangiliklar

Toshkent shahri va viloyatida narkolaboratoriyalar tashkil qilgan guruhlar qo‘lga olindi

Gumonlanuvchilarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi
Sirdaryoda narkolaboratoriya, Namanganda esa narkotik savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
Foto: depositphotos

Toshkent shahar va viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dorilar tayyorlagan va tarqatgan jinoiy guruhlar qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

Tezkor tadbirlar Yangihayot tumani va Ohangaron shahrida o‘tkazildi. Avval ikki nafar shaxs ushlanib, ularning yonidan 500 dona dori topildi. Keyin yana bir tarqatuvchi qo‘lga olinib, undan ham 500 dona dori musodara qilindi.

Tergov davomida dorilarning manbasi aniqlanib, Ohangaron shahrida yana uch kishidan iborat guruh fosh etildi. Ular laborant, ombor mudiri va qadoqlovchi bo‘lgan. Ularning uyidan narkolaboratoriya topildi.

Daliliy ashyo sifatida 9 kg pregabalin, 500 g tropikamid va 600 dona tayyor dori hamda uskunalar olindi. Natijada 200 mingdan ortiq dozadagi dorilar tarqalishining oldi olindi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/04/narko-labaratoriya-uz-telegram.mp4
Video: Toshkent shahar IIBB

Yana bir holat Olmaliq shahrida aniqlandi. Bu yerda laborant sifatida ishlagan shaxs qo‘lga olindi. Uning uyidan ham narkolaboratoriya topildi.

U yerda 6 kg pregabalin, 500 g tropikamid va zarur uskunalar borligi aniqlandi. Tezkor tadbir natijasida 160 mingdan ortiq dozadagi dorilar tarqalishi to‘xtatildi.

Mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda qalbaki dori vositalari tayyorlovchi yashirin laboratoriyalar aniqlangandi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahri hamda Asaka tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaro o‘z uylarida qalbaki va sifat kafolatlanmagan tibbiy dori vositalarini tayyorlagani ma’lum bo‘ldi.