Yangiliklar

Vladimir Solovyov Italiya bosh vaziri Jorja Melonini haqorat qildi

Italiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini chaqirtirdi
Foto: The Moscow Times

Rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyovning Italiya bosh vaziri Jorja Meloniga qaratgan haqoratli so‘zlari ortidan Italiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Rimdagi elchisini chaqirtirdi.

Bunga Solovyovning Rossiya davlat televideniyesi efirida Melonini qattiq tanqid qilib, uning sha’niga nomaqbul so‘zlarni ishlatgani sabab bo‘lgan. Solovyov o‘z ko‘rsatuvida dastlab italyan tilida gapirib, Melonini «insoniyat sharmandasi», «yovvoyi hayvon», «haqiqiy ahmoq» va «jirkanch ayol» deb atagan.

Shundan so‘ng u rus tiliga o‘tib, bosh vazirni «o‘z saylovchilariga xiyonat qilgan fashist» ekanini, shuningdek, u «hatto Trampga ham xiyonat qilgani»ni ta’kidlagan.

Holatga Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani X ijtimoiy tarmog‘ida munosabat bildirdi. Vazir Rossiya elchisi Aleksey Paramonovni Solovyovning «o‘ta jiddiy va haqoratomuz so‘zlari»ga rasmiy norozilik bildirish uchun chaqirtirganini ma’lum qildi.

Keyinroq bosh vazir Jorja Meloni ham mazkur vaziyatga to‘xtalib, bunday tashviqotlar Italiyaning siyosiy yo‘nalishiga ta’sir o‘tkaza olmasligini ta’kidladi.

Foto: Reuters / Vincenzo Livieri

«Bu karikaturalar, albatta, bizni o‘z yo‘limizdan qaytara olmaydi. Bizning kompasimiz yagona bo‘lib qoladi: Italiya manfaatlari. Va biz har yerdagi tashviqotchilarning noroziligiga qaramay, bu yo‘ldan g‘urur bilan borishda davom etamiz», – deb yozdi Meloni.

Ma’lumot o‘rnida, Melonining AQSh prezidenti Donald Tramp bilan avvalgi do‘stona aloqalari bosh vazirning Rim papasini Trampning og‘zaki hujumlaridan himoya qilganidan so‘ng yomonlashgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Italiya bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning sovg‘alarini sotuvga qo‘ygani haqida xabar bergan edi.