
Yevropa Ittifoqida migrantlar soni tarixiy maksimumga yetdi. Mustaqil RFBerlin instituti hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 64,2 mln kishini tashkil etdi.
So‘nggi bir yil ichida migrantlar soni 2,1 mln kishiga oshgan. 2010-yilda Yevropa Ittifoqida taxminan 40 mln migrant yashagan edi. Shunday qilib, 15 yil ichida bu ko‘rsatkich 60 foizdan ortiq o‘sdi. Hozirda migrantlar YI aholisi tarkibining 14,2 foizini tashkil etmoqda. Eng ko‘p migrantlar Germaniyada yashaydi. Bu mamlakatda ularning soni qariyb 18 mln nafarga yetgan.
Ikkinchi o‘rinda Ispaniya turibdi. Bu yerda 9,5 mln migrant istiqomat qiladi. O‘tgan yili aynan Ispaniya YI bo‘yicha migrantlar o‘sishining uchdan bir qismini ta’minlagan. Keyingi o‘rinlarda Fransiya, Italiya va Niderlandiya joylashgan. Ushbu davlatlarda migrantlar soni mos ravishda 8,5 mln, 6,4 mln va 2,9 mlnni tashkil etadi.
Boshpana so‘rab berilgan arizalarning asosiy qismi ham aynan shu mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Arizalarning qariyb uchdan ikki qismi Ispaniya, Italiya, Fransiya va Germaniyada ko‘rib chiqiladi. Qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha yetakchi davlat Germaniya hisoblanadi. Bu yerda 2,7 mln nafar qochqin yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yevropada yonilg‘i narxlari keskin oshgani haqida yozgan edi.