
O‘zbekistonda yosh oilalarga ipoteka uchun yangi tartib joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida qayd etildi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratishning yangi tartibi joriy qilinadi. Kreditlar birlamchi bozordan uy sotib olish uchun beriladi. Dastur doirasida muhim yengillik ham ko‘zda tutilgan. Ipoteka bo‘yicha foizlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Kredit olish uchun bir qator talablar belgilandi. Ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, oxirgi 3 yil davomida ularning nomida ko‘chmas mulk bo‘lmasligi lozim. Hujjatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning boshqa yo‘nalishlari ham nazarda tutilgan. Jumladan, 2026-yil 1-iyulgacha nodavlat ta’lim markazlarining eng yaxshi o‘qituvchilari xorijda malaka oshiradi.
Bundan tashqari, chekka hududlarda xorijiy til o‘qitishni rivojlantirish uchun foizsiz qarzlar ajratiladi. Faoliyatini kengaytirayotgan markazlarga esa BHMning 730 baravarigacha mablag‘ beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri kam ta’minlangan fuqarolar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgani haqida yozgan edi.
Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, kam ta’minlangan fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilganda ham davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ldi. Ya’ni agar sudda qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligi yuzasidan shikoyat kiritilsa, davlat ularga huquqiy ko‘mak beradi.